Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2017- yil yanvar-noyabr oylarida yurtimizda chakana tovar aylanmasi 95,7 trillion so‘mni tashkil etgan. 

Toshkent shahrida tovar aylanmalari hajmining yuqoriligi shuningdek, ulgurji savdo bozorlarining mavjudligi hisobiga poytaxtimizdagi banklarda naqd pul aylanishi yaxshilanmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, 2017- yil yanvar-noyabr oylarida savdo sohasidan bank tizimiga kelib tushgan pullar (45,6 trillion so‘m) chakana tovar aylanmaning 48 foizini tashkil etmoqda. Uning qolgan qismi dehqon, buyum bozorlari va boshqalarga to‘g‘ri kelmoqda. 

Valyuta bozorini erkinlashtirilishi savdo sohasidagi subyektlarning ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni naqd pulsiz tartibda sotib olishdagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Natijada tushumlarning bank tizimiga kelib tushishi ko‘paymoqda. 

Misol uchun, chakana tovar aylanma yanvar-avgust oylarida oyiga o‘rtacha 8,5 trillion so‘mni tashkil etib, uning 46 foizi bank hisobvaraqlariga kelib tushgan. Noyabr oyida esa bu ko‘rsatkich 53 foizni tashkil etgan.

 
Manba: uza.uz