20 may kuni Milliy matbuot markazida “O‘zstandart” agentligi tomonidan “Respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning faoliyatlariga noqonuniy aralashuvlarni oldini olish hamda ularning faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash va korxonalarda sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishda “O‘zstandart” agentligining o‘rni va ahamiyati” mavzusida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori o‘rinbosari J. Mirsaidov, Matbuot xizmati rahbari A. Rasulov va sohaning mas’ul xodimlari qatnashdilar.
Ma’lumki, Respublikamizda istiqlol yillarida boshqa sohalar qatori iqtisodiyotimizning tayanchi va suyanchiga aylanib ulgurgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash,ularning faoliyatlariga noqonuniy aralashuvlarning oldini olishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada Respublikamiz Prezidentining 2015 yil 15 maydagi PF-4725 sonli farmonining qabul qilinishi yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
“O‘zstandart” agentligi tomonidan Respublikamiz Prezidentining mazkur farmoni ijrosini ta’minlash, hamda tadbirkorlarga Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish yo‘nalishlarida zarur yordam berish maqsadida bir qator tizimli ishlar amalga oshirib kelmoqda. Jumladan:korxonalarda xalqaro standart talablariga muvofiq sifat tizimlarining joriy etilishi, raqobat muhitida korxonalar yutug‘ining kafolati hisoblanadi. Eng muhimi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga va iste’molchilarni sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyatini beradi.
E’tiborli tomoni shundaki, so‘nggi yillarda mazkur qarorlarning ijrosini ta’minlash maqsadida sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralar soni 27 taga yetkazilib, shundan 8 ta sertifikatlashtirish idoralari xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazildi va Respublikamiz bo‘yicha jami 2429 ta korxonalar xalqaro standartlar talablari asosida sertifikatlashtirildi. Bundan tashqari soha yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2020 yilga qadar (2016 yilda 649 ta, 2017 yilda 639ta,2018 yilda 646 ta, 2019 yilda 684 ta) mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega bo‘lgan 2618 ta korxonalarda qo‘shimcha ravishda xalqaro standartlarni joriy etish belgilandi.
“O‘zstandart” agentligi rahbariyati tomonidan yuqoridagi farmon va qarorlarning ijrosi yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga bir muncha qulayliklarni yaratish maqsadida “Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartiboti to‘g‘risidagi Nizom”ishlab chiqildi va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mazkur nizomga asosan korxonalarda joriy etilgan sifat menejmenti tizimlarini muvofiqligini tasdiqlash yuzasidan rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlarining amal qilish muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytirildi.
Matbuot anjumani yakunida agentlik xodimlari jurnalistlarning mavzular yuzasidan berilgan savollariga javob berdilar.
Axborot xizmati