Bugun “O‘zstandart” agentligida joriy yil yakunlari hamda yangi 2018 yilda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish audio aloqa vositasi shaklida tashkil etilib, uning ishida Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari hamda sinov va sertifikatlashtirish markazlarining rahbar va xodimlari qatnashdi.
Hay’at yig‘ilishini “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori Abduhamid Karimov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan ma’lumot berdi.
Bosh Direktor dastlab joriy yilning 22 dekabr kuni Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan murojaatlarining mazmun mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Darhaqiqat, Mamlakatimiz hayotida tarixiy ahamiyat kasb etgan mazkur uchrashuv shunisi bilan ahamiyatliki dedi A.Karimov, unda o‘zim ham ishtirok etib, Prezidentimiz tomonidan olg‘a surilgan izchil islohotlar, yurtimizning taraqqiyotiga xizmat qilayotgan har bir qaror xalqimiz bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilinayotganligi “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyalari bundan buyon ham “O‘zstandart” agentligi faoliyatining mezoniga aylanmog‘i zarurligni ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimiz har bir davlat xodimlari, avvalo, birinchi rahbarlar faqat kabinetda o‘tirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb muammolarning amaliy yechimi bilan shug‘ullanayotganliklari, natijasida 2017 yil xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan yil bo‘ldi, deb e’tirof etdilar.
Shundan so‘ng Hay’at yig‘ilishida belgilangan bir qator vazifalar hamda ularning yechimlari muhokama etildi.
Jumladan; “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” Davlat korxonasi qoshidagi mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi faoliyati hamda “O‘zstandart” agentligining 2017 yil 19 avgustdagi 9-sonli Hay’at bayonida keltirilgan eksportyor korxonalarda mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari, hamda Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi PF-4931-sonli farmoniga asosan, “G‘ijduvon”, “Urgut”, “Hozorasp” va “Qo‘qon” erkin iqtisodiy hududlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va qadoqlash ishlari bo‘yicha tashkil etilgan ilmiy-ishlab chiqarish markazlari faoliyati va kelgusidagi rejalari to‘g‘risida, “O‘zbekakkreditatsiya” DKning xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalari to‘g‘risida va “O‘zstandart” agentligining 2017 yil 31 avgustdagi 295k-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlanishi, har bir tizim tashkilotlarida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha strategiyasini bajarilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlariga tahliliy baho berildi.
Hay’at yig‘ilishi yakunida belgilab olingan vazifalar yuzasidan tegishli tavfsiyalar ishlab chiqilib, ijro uchun qabul qilindi.