Xalqimizda “tarozining ikki pallasi teng bo‘lsin” degan hikmatomiz gap bejizga aytilmagan. Buning tub zamirida esa, sotuvchi bilan iste’molchi o‘rtasidagi adolat mezonlarining bir me’yorda bo‘lishi nazarda tutilgan.
Sir emas, keyingi paytlarda Respublikamizning barcha bozorlarida qurilish, ta’mirlash ishlari bajarilib, aholi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
Ming afsuski, ko‘pgina bozorlarimizda qo‘llanilayotgan tarozilarning o‘z vaqtida davlat metrologik tekshiruvlaridan o‘tkazilmasdan ishlatilayotgani haqli ravishda iste’molchilarimizning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“O‘zstandart” agentligi tomonidan, Respublikamizning barcha dehqon bozorlaridagi tarozi va tarozi toshlaridan foydalanishning bugungi holati tahlil qilindi. Natijalar esa, afsuski qoniqarsiz.
Masalan, Respublikamizda jami dehqon bozorlari soni 280 tani tashkil etib, shundan savdo o‘rinlarining soni esa 115505 tani tashkil etadi.
Shundan tarozi talab etiladigan savdo o‘rinlari soni 47754 tani tashkil etadi. Hozirgi kunda dexqon bozorlarida esa atiga 17847 dona tarozilardan foydalanilmoqda xolos.
Viloyatlarning dexqon bozorlarida yetishmaydigan tarozilarni xarid qilish va mexanik tarozilarni yangilash maqsadida, zamonaviy elektron tarozilarni 2017 yilda xarid qilish rejalari ishlab chiqildi va viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlandi. Ushbu rejalarga ko‘ra joriy yilda jami 7859 dona elektron tarozilarni xarid qilish belgilangan bo‘lsada, bugungi kun holatida esa, jami 2455 dona, ya’ni (31,2 %) xarid qilinganligini qanday izohlash mumkin.
Achinarli tomoni shundaki, Agentlikning hududiy markazlari tomonidan dexqon bozorlari ma’muryatiga bir necha bor murojaat etilishiga qaramasdan bozor ma’muriyati tomonidan tarozilarni xarid qilish ishlariga befarqlik bilan munosabatta bo‘linmoqda.
Masalan, Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida faoliyat yuritayotgan dexqon bozorlarida viloyat hokimliklari tomonidan rejalar tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, zamonaviy tarozilarni xarid qilish rejasi bajarilmadi.
Hurmatli iste’molchilar. “O‘zstandart” agentligi sizlarni qonuniy manfaatlaringizni himoya qilgan holda, albatta bozorlardagi tarozilarning muvofiqlik sertifikatlarini so‘rashingizni tavfsiya etadi.