Joriy yilning 14 dekabr kuni, “O‘zstandart” agentligi bosh binosining katta majlislar zalida, “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasining “Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi” mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda “Respublika SSM” DK direktori R.Bo‘riyev, ”O‘zstandart” agentligi Matbuot xizmati rahbari A.Rasulov va Toshkent Davlat Yuridik institutidan taklif etilgan yuridik fanlar nomzodi dotsent F.Muxiddinova, “Respublika SSM” DK direktor o‘rinbosari D.Atabekov, Bo‘lim boshliqlari, mutaxassis xodimlari, sertifikatlashtirish idoralari hamda sinov laboratoriya rahbarlari ishtirok etishdi.
“Respublika SSM” DK direktori R.A.Bo‘riyev o‘z so‘zida joriy yilningyanvar oyida kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun katta tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biri ekanligini qayd etdi.
Qonun 6 bob va 34 moddadan iborat bo‘lib, unda Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va me’yorlar belgilangan.Korrupsiya so‘zining mazmun va mohiyatidan kelib chiqib, Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar belgilab qo‘yilgan.
Yig‘ilishda Adliya vazirligidan “O‘zstandart” agentligiga biriktirilgan vakil Toshkent yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Firyuza Muxiddinova so‘zga chiqdi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari to‘g‘risida gapirib, qonunning mohiyatini tushuntirib berdi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ma’ruzalarini tinglab, shuningdek kelgusida korrupsiya bilan kurashishda keng qamrovli ishlarni olib borish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda rahbar xodimlar o‘rtasida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish yuzasidan tushuncha va topshiriqlar berildi.