Dehqon bozorlarda foydalanilayotgan o‘lchash vositalari O‘zbekiston Respublikasi “Metrologiya to‘g‘risida” gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘rsida” gi qarori 1-ilovasi 15-bandlariga asosan davlat metrologik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim.
Ming afsuski, bugungi kunda, Poytaxtimizdagi “Askiya”,“Chilonzor dehqon bozori”, “Navro‘z dehqon bozori” hamda “Qora-Qamish” dehqon bozorlariga tegishli bo‘lgan tarozi va tarozi toshlari hamda nazorat tarozilari ham davlat metrologik tekshiruvidan o‘tkazilmasdan foydalanilmoqda.
Bu esa “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘rsida” gi qarori
talablarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelmoqda.
Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak,rejaga asosan Toshkent shahri hududidagi 13 ta bozorlarni 1290 dona zamonaviy elektron tarozilar bilan ta’minlash belgilangan bo‘lsada,hozirgi kungacha 495 dona xarid qilingan xolos.
Belgilangan reja esa atiga 38 foiz bajarilganligini qanday izohlash mumkin.
Achinarli tomoni shundaki, Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida tarozilarning yetishmasligi oqibatida sotuvchilar davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazilmagan shaxsiy tarozilardan foydalanishlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Jumladan, “Aviasozlar”da 83 dona, “Askiya”da 40 dona, “Chilonzor”da 47 dona, “Navruz”da 115 dona, “Oloy” bozorida 55 dona, “Sirg‘ali”da 126 dona, “Farxod”bozorida esa 691 dona, “Eski juva”da 130 dona, “Yunusobod” bozorida 82 dona, “Qo‘yliq”da 225 dona, “Qora-qamish” bozorida 40 dona. Jami 1634 dona tarozilar noqonuniy holda foydalanilmoqda.
Mazkur holatlarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish Qoidalari”ning 23-bandiga asosan faqat bozor ma’muriyati tomonidan taqdim etilgan tarozilar va boshqa o‘lchov asboblaridan foydalanish (turg‘un savdo shaxobchalaridan tashqari) belgilab o‘tilgan. Mazkur qarorning 66-bandiga asosan esa, qoida buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilangan.
“O‘zstandart” agentligi iste’molchilarni yana bir bor ogohlikka chaqirib, bozorlardan mahsulot sotib olayotganlarida albatta tarozilarning sertifikatlarini talab qilishlarini eslatadi.