Aslida inson uchun hayotda ko‘p narsa kerak emas. Birgina e’tibor, e’tirof va ikki og‘iz aytilgan shirin so‘z har bir insonni o‘z ishiga bo‘lgan mehrini oshiradi. Eng muhimi uning qalbida o‘zi mehnat qilayotgan tashkilotiga, rahbariyatiga, qadrdon jamoasiga munosabati o‘zgaradi.

Katta-kichik rag‘batdan kuch-quvvat olgan xodim o‘zgalarga o‘rnak bo‘lishga, o‘z faoliyatini yanada yaxshilashga harakat qiladi.

Respublikamizning barcha vazirlik hamda idoralarida bo‘lgani kabi, “O‘zstandart” agentligida ham Bosh Qomusimiz qabul qilinganligiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan bir guruh xodimlarni taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.

Bayram tadbirini “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov kirish so‘zi bilan ochib, Konstitutsiyamizning qabul qilingan kuni bilan barchani tabriklab, mazkur sana munosabati bilan Muhtaram Prezidentimizning agentlik sohasida mehnat qilayotgan bir guruh xodimlarni mukofotlaganlarini ma’lum qildi.

Shuningdek, bayram tadbirida Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi Zayniddin Ahmedov ham ishtirok etib, barchani qutlug‘ bayram bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng, hayajonli daqiqalar boshlanib, mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

 

 

“O‘zstandart” agentligi rahbariyati va jamosi, “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK direktori R.A. Bo‘riyev, Standartlashtirish va davlat nazoratini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i J.Kattaxo‘jayev, Faxriy xodima F.Nosirova, “O‘zMMI” DK Bosh mutaxassisi J. Orifxonov, “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK bosh mutaxassisi M.Savenko, va “Axborot ma’lumot markazi” DK bo‘lim boshlig‘i G. Maxmudovalarni yuksak ishonch va e’tibor bilan tabriklaydi.

Bayram tadbiri so‘ngida “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK direktori R.A.Bo‘riyev so‘zga chiqib, Respublikamizda izchillik bilan olib borilayotgan islohotlarning barchasi eng avvalo inson uchun, uning baxtli va farovon turmush kechirishi uchun bo‘layotganligini ta’kidlab, bayram arafasida Muhtaram Prezidentimizning “O‘zstandart” agentligi sohasiga, ayniqsa xodimlar mehnatiga bergan yuksak e’tiborlari barchamizni behad xursand qilganligini to‘lqilanib gapirdi.

Yana bir bor fidoiy hamkasblarimizni mukofotlari bilan chin yurakdan tabriklaymiz.