O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida tashqi savdoni rivojlantirish bo‘yicha Ekspertlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, “O‘zagroeksport” AJ, “O‘zbekekspertiza” AJ, “O‘zvinosanoatxolding” XK, “O‘zbekengilsanoat” AJ, “O‘zkonsaltservis” AJ, Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, O‘zbekiston bojxona brokerlari uyushmasi, O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuklarni tashuvchilar uyushmasihamda turli sanoat tarmoqlaridan ishlab chiqarish korxonalari va eksportyorlar vakillari ishtirok etdilar.
Ekspertlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 3 noyabrdagi PF-5215-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 3 noyabrdagi PQ-3351-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2017 yil 6 noyabrdagi PQ-3377-son qaroridan tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, imtiyozlar hamda yaratilgan qulay shart-sharoitlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tildi.
Jumladan, mazkur qarorning asosiy jihatlari va muhim tomonlariga to‘xtalib o‘tilib, joriy yilning 1 dekabridan boshlab tovar va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha eksporter korxonalarga 120 kun davomida xorijiy xaridorlar bilan hisob-kitob qilishning yagona muddati belgilab qo‘yilganligi, tadbirkorlik sub’ektlari tovarlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lovsiz, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan va tijorat riskini sug‘urta qildirmasdan eksportga jo‘natishlari uchun imkoniyat yaratilganligi ta’kidlandi. Bunda yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari va ba’zi tovarlar (asosan xom ashyo resurslari, ya’ni paxta tolasi, ip kalava, paxta linti, neft va gaz, elektr energiyasi, qimmatbaho, rangli va qora metallarhamda ularni chiqindilari) eksporti uchun alohida tartib belgilandi.
Qarordagi yana muhim jihat - joriy yilning 1 dekabridan tadbirkorlik sub’ektlari tovarlar va xizmatlarni eksport kontrakti tuzmasdan invoyslar asosida eksporterlarning O‘zbekiston banklaridagi hisob raqamlariga oldindan to‘lov 100% tushgandan so‘ng va Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish sharti bilan eksport qilish huquqi beriladi.
Shu bilan birga Ekspert kengashi a’zolari e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan Farmon va qarorlari talablaridan kelib chiqadigan va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida ham atroflicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, bu vazifalar quyidagilardan iborat ekanligi Kengash a’zolariga yetkazildi:
- eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarining tabiiy yo‘qotish normativlari va ularning faktura qiymatiga tuzatishlar kiritish tartibini ishlab chiqish;
- O‘zbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlarining savdosi va eksporti sohasida yangi xalqaro shartnomalar tuzish hamda amaldagilariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- amaldagi normativ hujjatlar, sanitariya norma va qoidalari, fitosanitariya talablarini xalqaro standartlar, shuningdek, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining potensial import qiluvchi xorijiy mamlakatlar talablarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish;
- respublikada xalqaro standartlarni, shu jumladan “ISO 22000”, “Halol” standartlarini joriy etish va keyinchalik qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan tovarlarni (mahsulotlarni) olib chiqib ketish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish shular jumlasidandir.
Kengashda shu bilan birga Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkilotining “Markaziy Osiyoda savdo tartib-taomilllarini soddalashtirish” Dasturi doirasida amalga oshirilgan “Markaziy Osiyodan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport bozorlariga diversifikatsiyalash imkonitlari”ga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari uchun meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha 10 ta eng yirik xaridor davlatlardagi bozor imkoniyatlari, undagi mavjud talab va taklif, xorijiy bozorlarga kirish imkoniyatlari batafsil yoritib berildi.
Kengash yig‘ilishining navbatdagi masalasi sifatida “Xususiy sektorning TIF sohasida axborot xizmatlariga bo‘lgan talbalarini aniqlash” mavzusida o‘tkazilgan tadqiqot yakunlari Savdo-sanoat platasining “SSP Maroqand” UKsi vakili tomonidan taqdimot qilindi.
Unda respublikamiz hududlarida tadbirkorlik sub’ektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari asosida Elektron axborot manbaalariga bo‘lgan talab, ularning sifat jihatidan tegishli axborotni yetkazib berishdagi imkoniyatlari, TIF sohasidagi dolzarb ma’lumotlar hamda mobil aloqa vositalarida yangi elektron dasturlarni ishlab chiqish masalalari batafsil yoritib berildi.