“O‘zstandart” agentligi tomonidan yaratilgan axborot tizimlari portali orqali aholi va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar

Ma’lumki bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillar tahliliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yurtimizda yalpi ichki mahsulotlarni yetishtirish va boshqa sohalarda tadbirkorlarimizning ulushi katta bo‘lmoqda.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan Harakatlar strategiyasining beshta muhim yo‘nalishlaridan biri bu - Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga qaratilgan.

Respublikamizda boshqa vazirlik hamda idoralar qatori “O‘zstandart” agentligi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Masalan, “O‘zstandart” agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Muvofiqlikni baholash”, “Standartlarni qidirish milliy tizimi”, “Muvofiqlik sertifikatlari davlat reyestri” va “Mahsulotning shtirixkodi bo‘yicha ma’lumotlarni qidirish” kabi axborot tizimlari aholi va tadbirkorlarga bir qancha qulayliklar yaratmoqda.

Hozirda “O‘zstandart” agentligi tomonidan aholi va tadbirkorlarga standartlashtirishga doir huquqiy hujjatlardan moneliksiz va bepul foydalanish imkonini yaratish maqsadida agentlikning rasmiy veb-saytida “Standartlarni qidirish milliy tizimi” axborot tizimida jami 19 000 dan ortiq standartlar, shundan 1230 ta davlat standartlarining elektron nusxalari joylashtirildi.

Shuningdek, portal.standart.uz portali orqali sertifikatlashtirish idoralari ish faoliyati avtomatlashtirildi. Ushbu portal yordamida mahsulotlarga berilayotgan sertifikatlarning elektron bazasi shakllantirilib borilmoqda. Eng muhimi, ushbu dastur yordamida tadbirkorlar mahsulot sertifikatining haqqoniyligini tekshirib olishlari mumkin.


“Muvofiqlik sertifikatlari davlat reyestri” axborot tizimi orqali davlat reyestriga kiritilgan muvofiqlik sertifikatlari, ularning amal qilish muddatlari va boshqa ma’lumotlarni to‘liq bilib olish imkoniyati mavjud.


Shuningdek, “O‘zstandart” agentligining rasmiy veb-saytida “Onlayn maslahat” rukni joriy yilning 10 martidan ishga tushirildi va natijada aholi va tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olmoqdalar.


Agentlik tomonidan “Mening Standartim” mobil telefonlariga mo‘ljallangan dastur ham ishlab chiqilmoqda. Mazkur dastur yordamida aholi va tadbirkorlar uchun “O‘zstandart” agentligining barcha interaktiv xizmatlaridan foydalanish, agentlik Bosh direktori virtual qabulxonasiga murojaat yuborish hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni shtrixli kodi orqali ma’lumot olish va uning sifatiga baho berish kabi imkoniyatlar yaratiladi.

“O‘zstandart” agentligi kelgusida tadbirkorlar uchun texnik hihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohalaridagi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, tizimlashtirish va saqlashni amalga oshiradigan avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish ishlarini rejalashtirgan.