Joriy yilning 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub’ektlariga faqat “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha yagona markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti. 

Qarorga muvofiq, elektron raqamli imzo kalitini ro‘yxatga olish va sertifikat berish faqat “yagona oyna” markazlarida amalga oshiriladi. Avvallari bu xizmat bevosita davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim etilar edi. 

Eslatib o‘tamiz, elektron raqamli imzo bu – elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xato yo‘qligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzodir. (O‘zbekiston Respublikasining «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonuni) 

Elektron raqamli imzo davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat organlari va tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini beradi. 

Elektron raqamli imzo kalitlarning sertifikatlari yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha beriladi.

Manba: uza.uz