Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Navoiy viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur hujjatga ko‘ra, barcha tuman va shaharlarda hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan sektorlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish bo‘yicha Nizom hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili belgilanib, to‘rt sektorga aholining eng muhim masala va muammolarini yechish yuzasidan keng vakolatlar berildi, mas’uliyat va javobgarlik oshirildi.
Karmana tumanida ham sektorlar samarali faoliyat yuritmoqda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha ob’ektlari, davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini yanada yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati sifati va samaradorligini oshirish, aholini sifatli va arzon dori-darmon bilan ta’minlashga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Fermer xo‘jaliklari tomonidan agrotexnik tadbirlarning maqbul muddat va me’yorlarda tashkil etilishiga amaliy yordam ko‘rsatish, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish, jumladan, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasi uchun ajratilgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, mahallalar, ziyoratgohlar va qabristonlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish, ekologik holatini yaxshilashga e’tibor kuchaytirilayotir.
Mahalliy boshqaruv organlari va huquqni muhofaza qilish idoralari hamkorligida o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilayotir.
Tuman hokimi F.Umarov boshchilik qiladigan birinchi sektorga “Toshrabot”, “Pahlavon”, “Deggaron”, “Malik”, “Sardoba”, “Do‘stlik”, “Azamat”, “Do‘rman”, “Qahramon”, “Kumushkon” mahalla fuqarolar yig‘inlari biriktirilgan bo‘lib, mas’ullar ishtirokida har bir mahalla va oilani o‘rganish bo‘yicha maxsus jadval ishlab chiqilgan. Ishchi guruh har kuni ana shu jadval asosida oilalar, korxona-tashkilotlarga, ta’lim va tibbiyot muassasalariga kirib, aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazmoqda. Aniqlangan muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rilayotir.
Shuningdek, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘zlari rahbarlik qilayotgan hududdagi 30 ga yaqin mahalla sektorida shu tarzda hamkorlikda ish olib bormoqda.
Navro‘z mahallasida yashovchi Maqsuda Davlatova nogironlik aravachasi va uy-joy bilan ta’minlandi. Shu mahallada yashovchi II guruh nogironi Salomat Suvonovaga tikuv mashinasi berildi.
– Davlatimiz rahbarining men kabi imkoniyati cheklangan fuqarolarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganidan behad minnatdorman, – deydi M.Davlatova. – Tor uyda bir nechta oila noqulay ahvolda yashar edik. Mana endi o‘z uyim bor. O‘zimni xuddi jannatga tushgandek his qilyapman. Mening holatimni boshidan o‘tkazganlargina biladi. Shunday yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman.
Paxtaobod mahallasida yashovchi Umidjon Turdiyev imkoniyati cheklangani sabab ta’lim olish uchun maktabga bora olmas edi. Sektor rahbarining tashabbusi bilan mahalladagi 12-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari Umidjonning uy sharoitida ta’lim olishiga ko‘maklashmoqda.
– Farzandimning kelajagi yo‘lida shunday sharoit yaratib berayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdorman, – deydi Umidjonning onasi Rohila opa. – O‘g‘lim hozir 2-sinf darsliklarini o‘zlashtirmoqda. O‘qituvchilar uyimizga kelib, beminnat dars o‘tmoqda. Ko‘ngli yarim yolg‘iz ona sifatida jigarbandim tengdoshlari qatori tahsil olayotganini ko‘rib, ko‘nglim osmon qadar yuksalmoqda, shodligim ichimga sig‘maydi.