2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishiga muvofiq qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish mamlakatimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hujjatda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlari, ularning odil sudlovdan foydalish huquqi, sud ishlarini yuritish samaradorligi hamda sifati darajasini oshirish sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarning hal qiluvchi yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlarining qabul qilinishi sud-huquq tizimini isloh qilish borasidagi muhim qadam bo‘ldi, shuningdek, ushbu sohadagi davlat siyosatining sifat jihatidan yangi darajaga o‘tganligini ifodaladi. Yagona oliy sud organi, ixtisoslashtirilgan sudlar, xususan, iqtisodiy va ma’muriy sudlar tashkil etildi hamda ushbu sohadagi kadrlarni tanlab olish va tayinlash jarayoni takomillashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 12 aprelda qabul qilingan «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunining ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan bir qator qonun loyihalari tayyorlandi hamda parlamentning quyi palatasiga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017 yil 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar ushbu qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Deputatlar o‘z ishini «O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Kodeks loyihasida barcha so‘nggi yangiliklar, shu jumladan, sudlar ishining zamonaviy innovatsion uslublari, sud majlisini audio va video tarzida qayd etish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar ro‘yxatini kengaytirish taklif etilmoqda. Chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni, shu bilan birga, yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash haqidagi ishlarni ko‘rish tartibini nazarda tutuvchi boblar kiritilmoqda. Nizolarning tezda ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida sudda ko‘rilishga tegishlilikning umumiy qoidasi o‘zgartirilmoqda. Chunonchi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan da’vo arizalari sudga ularning ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha beriladi, undan tashqari kelishuv tartib-taomillariga bag‘ishlangan yangi bob kiritilmoqda.
Shundan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlash haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Deputatlar ushbu qonun loyihasida bir tarafdan, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari hamda boshqa tarafdan – jismoniy va yuridik shaxslar, tashkilotlar o‘rtasidagi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ish yuritish tartibini qat’iy belgilaydigan qonun hujjatlari qoidalarini birxillashtirish nazarda tutilayotganligini ta’kidladilar.
Majlis ishtirokchilari qayd etganlaridek, bugungi kunda ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari qoidalarini birxillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatni yaratish g‘oyasi o‘ziga xos dolzarb va muhim ahamiyat kasb etmoqda.
«O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish davomida deputatlar Fuqarolik protsessual kodeksining tuzilishi o‘zgartirilganligini qayd etdilar. Jumladan, ushbu kodeks loyihasi yanada qulay shaklda va mantiqiy ketma-ketlikda bayon etilgan. Mavjud huquqiy kamchiliklarni to‘ldirish maqsadida fuqarolik sud ishlarini yuritishning protsessual qoidalari ancha batafsil tartibga solingan. Fuqarolik protsessual kodeksini tayyorlash jarayonida xorijiy davlatlarning, xususan, Germaniya, Fransiyaning va bir qator MDH mamlakatlarining fuqarolik protsessual qonun hujjatlari o‘rganib chiqildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, loyihada protest keltirish to‘g‘risidagi arizalarni nazorat tartibida ko‘rib chiqishning yangi tartibi nazarda tutilgan bo‘lib, unga muvofiq bunday arizani qabul qilish yoki uni nazorat tartibida ko‘rib chiqishni rad etish sudyaning ajrimi asosida hal etiladi hamda ushbu ajrimga Oliy sud raisi yoki uning o‘rinbosarlari norozilik bildirishlari mumkin. Bunday holatda ish arizani ko‘rib chiqish uchun nazorat instansiyasining sudiga o‘tkaziladi.
Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilishi nazarda tutilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kelgusida birinchi sud instansiyalarida ishni qayta-qayta ko‘rib chiqish hollarining oldini olish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolik ishidagi taraflarning buzilgan huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlaydi.
Birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan mazkur qonun loyihalari sud hokimiyatining chinakam erkinligini yanada ta’minlashga, ular faoliyatining samaradorligini va obro‘-e’tiborini oshirishga qaratilganligi deputatlar tomonidan qayd etildi.
Umuman olganda, qiziqarli bahs-munozara ruhida o‘tgan majlisda deputatlar birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihalariga o‘z nuqtai nazarlarini bildirdilar.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.