O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Davlat veterinariya qo‘mitasining huquqiy asosi bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-iyundagi “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya xizmati Davlat veterinariya qo‘mitasiga aylantirildi. Farmon talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan yangi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida” gi va “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bu o‘zgarishlar veterinariya sohasidagi faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi hamda tadbirlar va dasturlarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradi. Ushbu sohada ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalarini veterinariya amaliyotiga joriy etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.