2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “2017 yilda aholi bandligi dasturi” ijrosining borishi to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Yig‘ilishda mamlakat hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, shu jumladan, sanoat, xizmatlar va servis sohasida, uy-joy qurilishida yangi ob’ektlarni ishga tushirish, kichik biznesni, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish hisobiga joriy yilning yanvar-avgust oylarida 521,5 ming kishining bandligi ta’minlangani ta’kidlandi.
Deputatlar amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholagan holda joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sohaga oid qonunlarning ijrosi sust ekani, bunda mahalliy davlat organlari, shu jumladan, hududlarda aholi bandligi bilan shug‘ullanadigan muassasalar ushbu masalaga yetarli darajada e’tibor qaratmayotganini qayd etdilar. Respublikaning mehnat bozoridagi vaziyat murakkab bo‘lgan 34 ta tumanida ishsizlik darajasi o‘sgani alohida ta’kidlandi.
Aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosini bajarishda tasdiqlangan maqsadli dasturlarga muvofiq belgilangan ish o‘rinlarini yaratishda ba’zi tuman va shaharlarda kamchilik va yuzakichilikka yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, Baxmal, Do‘stlik, Navbahor, Guliston, Sayxunobod kabi bir qator tumanlarda maqsadli dasturlarda belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmaganligi hisobiga salkam 9 mingtaga yaqin ish o‘rni yaratilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda 2017 yil uchun aholi bandligi dasturining bajarilishini monitoring va tahlil qilish imkoniyatlaridan hali ham yetarlicha foydalanmayotgani deputatlar tomonidan alohida qayd etilib, bunda 2017 yil uchun aholi bandligi dasturi parametrlarining amalga oshirilishini baholash ishlarini yaxshilash va takomillashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, deputatlar O‘zbekistonda fuqarolarning mehnat huquqlarini xalqaro huquq prinsiplari va normalariga muvofiq ta’minlash bo‘yicha mustahkam normativ-huquqiy baza yaratilganligiga, mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro Konvensiyalar samarali amalga oshirilayotganligiga, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan monitoring qilishni takomillashtirishga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, yig‘ilishda mavjud qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur masala bo‘yicha parlament va deputatlik nazorati institutlaridan keng foydalanish bo‘yicha ham aniq takliflar bildirildi.
Parlament eshituvi yakuni yuzasidan Dasturning hududlar va tarmoqlarda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, bunda deputatlar va ijro organlari hamkorligini yanada kuchaytirish, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirishni rag‘batlantirish hisobiga ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.