Mazkur qarorga muvofiq Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi, mamlakatimizdagi yirik muassasa va obyektlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi, poytaxtimizda va Samarqand shahrida Birinchi Prezidentimiz haykallari qad rostladi. 2018-yilda Samarqand shahridagi Islom Karimov dafn etilgan hududda maqbara, shuningdek, Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimizning muhtasham haykali tantanali ravishda ochilishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy memorial majmua tashkil etildi. Mazkur memorial majmua tomonidan Buyuk Yo‘lboshchimizni yaqindan bilgan mamlakatimiz va chet el fuqarolaridan Islom Karimovning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq xotiralari aks etgan yozma, foto va videomateriallarni qabul qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. 

Bugun memorial majmua kutubxonasiga “Baqtriya-press” nashriyoti tomonidan 124 nomdagi 500 dan ortiq kitoblar taqdim etildi. 

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari Temir Shirinov, Birinchi Prezidentimiz turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova, “Baqtriya-press” nashriyoti direktori Lola Iskaliyeva va boshqalar Islom Karimov xotirasini yodga olib, u kishining Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi, xususan, yosh avlodni vatanparvarlik va yuksak insoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi. 

“Mustaqillik me’mori” nomli hujjatli film namoyish etildi. 

 

Manba:O‘zA