2016 yil 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «O‘zbekiston korxonalarida sifat menejmenti tizimlarini joriy etishning dolzarb masalalari» mavzuidagi Davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining prorektorlari B.K. G‘oyibnazarov va Kim Xong-Gap, kafedra mudirlari va akademiya tinglovichlari, hamda “O‘zstandart” agentligining Bosh direktori A.Kurbanov va Agentlikning rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar (Davra suhbatining to‘liq Dasturi bilan ilovada tanishishingiz mumkin).
Davra suhbatini A.Kurbanov kirish so‘zi bilan ochib berib, mahsulotlarning sifatini oshirish va eksport salohiyatini ko‘tarishda Xukumatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalar va ularni amalga oshirish choralari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, davra suhbati davomida “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekistonda sifat milliy infratuzilmasi va uni rivojlantirish masalalari”, “Korxonalarda menejment tizimlarini joriy etishning aktual masalalari”mavzularida prezentatsiya va ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
O‘z navbatida, Akademiya prorektori Kim Xong-Gap Koreya Respublikasida mahsulot sifatini va raqobatbardoshligini oshirishda amalga oshirilgan ishlar va Koreya tajribasi haqida ma’lumot berdi.
Davra suhbati davomida Akademiyaning kafedra mudirlari va tinglovchilari sertifikatlashtirish va menejment tizimlari sohasida qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Davra suhbati yakunida rahbarlar tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish va keng xamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarning sifatini oshirish va menejment tizimlarini joriy etish masalalarini o‘quv dasturlariga kiritish yuzasidan kelishib olindi.

Axborot xizmati