Toshkentda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri, kichik qo‘mita hamraisi G.Saidova, Xitoy Xalq Respublikasi Taraqqiyot va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Energetika bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi, kichik qo‘mita hamraisi N.Bekri va boshqalar O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi yakunlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada kengaytirishga yangi sur’at bag‘ishladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, transport, fan-texnika, madaniy-gumanitar, qishloq xo‘jaligi sohalarida yanada faollashdi. Bu mamlakatlarimiz iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish va xalqlarimiz farovonligini oshirish uchun mustahkam asos bo‘lmoqda. Masalan, birgina energetika sohasida O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida mamlakatimizda Xitoy sarmoyalarini jalb qilgan holda 878 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Majlisda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qator muhim dasturlar qabul qilingani ta’kidlandi. Xususan, mamlakatimizning yuksak gidroenergetik salohiyatidan kompleks foydalanish maqsadida 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra 2,6 milliard dollar evaziga 18 yangi GES qurish va mavjud 14 GESni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Dasturni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish uchun avval "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tarkibiga kirgan barcha gidroelektrstansiyalarni birlashtirgan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
Joriy yil may oyida XXR Tijorat vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi o‘rtasida O‘zbekistonda kichik va o‘rta gidroelektrstansiyalarni qurish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qiymati 2,7 milliard dollarlik bitim imzolandi.
Shuningdek, mamlakatimizda 2017-2021 yillarda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq 585 million dollarlik loyihalar natijasida ko‘mir qazib chiqarish hajmini 3 barobar oshirish rejalashtirilgan.
Energiya samaradorligiga erishish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kichik qo‘mita faoliyatining muhim yo‘nalishidir. Mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Majlisda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalarining investitsiya faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ular mamlakatimizda neft-gaz konlarini birgalikda izlash va o‘zlashtirish, elektr energetikasi tizimining generatsiya va transport quvvatlarini modernizatsiya qilishda faol ishtirok etmoqda. Hamkorlik natijasida Angren issiqlik elektr stansiyasida quvvati 130-150 MVt bo‘lgan energiyablok ishga tushirildi, ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘yicha hujjatlar tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida quvvati 370 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi.
Tomonlar shu va boshqa loyihalarni ro‘yobga chiqarish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Tadbir so‘nggida O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi to‘rtinchi majlisi bayonnomasi imzolandi.
O‘zA