Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan «Tekstillegprom – 2017» halqaro yarmarkasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tadbirkorlik va sanoat izchil qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati ortib bormoqda. Ishbilarmonlarimizning nufuzli xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda faol ishtirok etayotgani O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlarni tashqi bozorda namoyish etish, xorijiy kompaniya va firmalar bilan istiqbolli shartnomalar tuzish imkonini bermoqda.
Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi alohida o‘rin egallamoqda.
«Tekstillegprom – 2017» xalqaro yarmarkasi tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida eng so‘nggi yutuqlar namoyish etiladigan o‘ziga xos platforma hisoblanib, unda sohaning yetakchi kompaniya va firmalari ishtirok etadi. Bu yilgi yarmarkada O‘zbekiston, Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Germaniya, Italiya, Polsha, Niderlandiya, Portugaliya, Bolgariya, Turkiya, Koreya Respublikasi, Belarus, Qirg‘iziston kabi 28 mamlakat vakillari qatnashgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda 40 ga yaqin tadbirkorning mazkur yarmarkada ishtirok etishiga ko‘maklashdi. Ko‘rgazma qatnashchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.
Yarmarka doirasida O‘zbekiston kompaniyalari nufuzli firma va kompaniyalar bilan sohada hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirishga kelishib olgan. Tadbirkorlarimiz tomonidan xorijiy sheriklar bilan 146 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolangan.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma mamlakatimiz kompaniya va korxonalari uchun turli davlatlardan kelgan ishbilarmonlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatish, mavjudlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, o‘z mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolash uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Bu mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining yanada yuksaltirish va eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmini oshirishga xizmat qiladi.