Bugun “O‘zstandart” agentligi tomonidan Milliy matbuot markazida Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Energiya resurslar (gaz, elektr va suv) hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish, sohada mavjud muammolarni bartaraf etishning samarali mexanizmlari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Matbuot anjumani avvalida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A. Karimov jurnalistlarga mavzu yuzasidan ma’lumot berib, haqiqatda ham hozirgi kunda iste’molchilarimiz maishiy o‘lchov vositalarini qiyoslashdan o‘tkazishda bir qator muammolarga duch kelayotganliklari, agentlik va ta’minochi hamda ta’mirlovchi korxonalar o‘rtasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganligiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek Bosh direktor jurnalistlarga murojaat qilib, mazkur sohadagi muammolarni bartaraf etishda, iste’molchilarga haqqoniy ma’lumotlarni yetkazishda Ommaviy axborot vositaldari bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirdi.
 
Jumladan, elektr energiya va tabiiy gaz hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish jarayonlarini tartibga solish hamda aholi va energiya resurslarini yetkazib beruvchi - ta’minotchi korxonalar o‘rtasida munozarali vaziyatlarni kamaytirish maqsadida “O‘zstandart” agentligi, “O‘zdavenergonazorat” va “O‘zdavneftegazinspeksiya” bilan hamkorlikda normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi va belgilangan tartibda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, shular jumlasidan:
Birinchidan: 2014 yil 30 iyuldagi 2604-sonli «Gazni hisobga olish priborlarini tekshiruvdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom;
Ikkinchidan: 2016 yil 1 dekabrdagi 2736-sonli «Maishiy iste’molchilarni elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom;
Mazkur Nizomlarning mazmun-mohiyatini aholiga yanada singdirish, huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati, jamoat tashkilotlari va energiya yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan xamkorlikda maxallalarda muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari olib borilmokda.
Hozirga kelib Respublika miqyosida aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida jami 33 ta shaxobchalar tashkil qilingan bo‘lib, shundan Poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan shaxobchalardan tashqari yana 3 ta tumanida maishiy o‘lchov vositalarini davlat qiyoslovidan o‘tkazish uchun qabul qilish shaxobchalari tashkil etildi. Shuningdek agentlikning hududiy markazlari tomonidan 2012-2017 yillar mobaynida respublikamizning shahar markazlaridan chekka hududlarida jami 30 ta xuddi shunday shaxobchalar tashkil etildi.
Buning natijasida ular ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan o‘zlari uchun qulay hududlardagi shaxobchalarga murojaat etadilar.
Ming afsuski, keyingi yillarda aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar natijasida Poytaxtimizning ayrim tumanlarida“Maishiy suv, gaz va elektr hisoblagichlarni davlat qiyoslashidan o‘tkazishda ko‘pgina muammolar ko‘zga tashlanmoqda.
Masalan: ta’minotchi korxonalar va aholi o‘rtasida maishiy hisoblagichlarni yechish, o‘rnatish va ularga olinadigan narxlarning sun’iy tarzda oshib ketayotganiligi, qiyoslash vaqtida “nosoz” deb topilgan hisoblagichlarni ta’mirlash uchun amalga oshiriladigan to‘lovlar va ta’mirlash korxonalari tomonidan hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish muddatlari to‘g‘risida iste’molchilarto‘liq ma’lumotga ega emaslar.
Buning oqibatida iste’molchilar tomonidan haqli e’tirozlar ham bildirilmoqda. Matbuot anjumani davomida Ommaviy axborot vositalari va hamkor tashkilotlar quyidagi masalalarni muhokama etdilar.
1. Hisoblagichlarni qiyoslash ishlarini tashkillashtirishda mavjud ahvolni tanqidiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay bo‘lgan mutlaqo yangi maqbul tizimni joriy etish; 
2. Amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilayotgan choralar;
3. Maishiy suv hisoblagichlarni qiyoslash uchun yechish, o‘rnatish va ta’mir talab hisoblagichlarni ta’mirlash uchun aholi tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlarni optimal shaklga keltirish va aholiga shaffof ravishda ma’lum qilinishini ta’minlash;
4. Hisoblagichlarni ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish.
Matbuot anjumani so‘ngida “O‘zstandart” agentligi va hamkor vazirlik, idoralar mavjud muammolarni kelgusida birgalikda hal etishga qaratilgan tizimli reja-dasturni ishlab chiqishga kelishib oldilar.