O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalovni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, I.Shuvalovni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning Rossiya tomonidan raisi etib tayinlangani bilan samimiy tabrikladi. 

Prezidentimizning shu yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni to‘la amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyotning turli sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini hayotga samarali tatbiq etishda Komissiya muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. 

Hozirgi paytda o‘zaro munosabatlar jadal rivojlanayotgani qayd etildi. 

O‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda – shu yilning yetti oyi davomida tovar ayirboshlash hajmi 14 foizga o‘sib, 2,6 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bunda eksport va importning barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘sish kuzatilmoqda. Iyul oyidan Rossiya bozoriga meva-sabzovot mahsulotlarini yetkazib berishda "yashil koridor" tizimi to‘laqonli faoliyat ko‘rsata boshladi. 

Rossiyaning yetakchi kompaniyalari va banklarini jalb qilgan holda, ustuvor investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda faol ish olib borilmoqda. 

Neft-gaz majmuasidagi geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, bunda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish, Qandim gazni qayta ishlash va Jizzax neftni qayta ishlash zavodlarini qurish, soha korxonalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, gaz va neft yetkazib berish bo‘yicha yirik loyihalar shular jumlasidandir. 

Metallurgiya sohasida «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish, mis boyitish majmuasini qurish va Toshkentda metallurgiya zavodi barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlandi. 

Mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa ko‘plab sohalarda, shuningdek, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida kichik biznes subyektlarini faol jalb qilgan holda kooperatsiya aloqalari kengayib bormoqda. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyaning 60 kompaniyasi vakolatxonalari ro‘yxatdan o‘tgan. 

Ijtimoiy aloqalar rivojlanmoqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va yuqori texnologiyali sohalarda yangi istiqbolli dasturlarni tayyorlashni jadallashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi. 

Mehmon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Hukumat raisining birinchi o‘rinbosari Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi. 

 

 

O‘zA