Jizzax viloyatida 2017-yil investitsiya dasturiga asosan 97 milliard 602 million so‘mlik 60 ijtimoiy soha inshooti quriladi.
Ayni paytda 24 umumta’lim maktabi, 15 maktabgacha ta’lim muassasasi, 8 sog‘liqni saqlash va 5 bolalar sporti inshootida qurilish-ta’mirlash ishlari avjida. 46 ichimlik suvi tarmog‘i va 17 boshqa inshootlar qurilishiga 21 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan.
Gap ijtimoiy soha inshootlari qurilishi haqida borar ekan, Jizzax shahriga alohida to‘xtalish joiz. Ko‘p yillar davomida viloyat markazini qayta qurishga moliyaviy imkoniyatlar cheklangani shaharning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ichki infratuzilmasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugungi kunda Jizzax shahri bosh reja asosida qayta qurilmoqda. Zamonaviy uy-joylar, yangi yo‘l va ko‘chalar, xiyobonlar barpo etilayotir. Ta’lim, tibbiyot muassasalari qayta ta’mirlanmoqda.
Shaharning gavjum hududi – Temiryo‘lchilar va Toshkent ko‘chalarining me’moriy yechimi bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha asosida temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashga qaratilgan qurilish ishlari davom etmoqda. Joriy yilda nihoyasiga yetkazilishi mo‘ljallanayotgan ushbu rekonstruksiya ishlari shaharda transport vositalari harakatiga, temir yo‘l vokzaliga kelib-ketuvchilarga katta qulaylik yaratadi.
Prezidentimizning 2017-yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar Jizzaxning eski shahar qismi qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda. 6,4 gektar maydonda Sharof Rashidov xiyoboni barpo etilib, uning haykali o‘rnatiladi, go‘zal favvora quriladi.
Ayni paytda haykal o‘rni, favvora qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Sharof Rashidov uy-muzeyi joylashgan ko‘cha rekonstruksiya qilinib, kengaytirish ishlari tugallanmoqda. Shaharning ushbu hududida barpo etilayotgan yana bir yirik inshoot – Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonini ham shu yil noyabr oyida yakuniga yetkazish belgilangan.
– Qurilish-ta’mirlash ishlarini Sharof Rashidov tavalludining 100-yillik yubileyi – noyabr oyiga qadar yakunlaymiz, – deydi viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari E.Qo‘ldoshev. – Hozirgacha asosiy ishlar tugatildi. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining ham asosiy qismi bajarildi.
Joriy yilda ijtimoiy inshootlar qurilishi ko‘lami nafaqat viloyat markazi, balki tumanlarda ham sezilarli darajada kengaydi.
Davlatimiz rahbari shu yil 27-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Sharof Rashidov tumanidagi “Uchtepa” massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, aholini arzon turar joylar bilan ta’minlashni yanada yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ayni paytda ushbu massivda har biri 16 xonadondan iborat ikki qavatli 6 uy qurilmoqda. Uylar Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida o‘z egalariga topshiriladi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan muruvvat tadbirlari doirasida "Uchtepa" massividagi 2 va 3 xonali 6 xonadon ehtiyojmand oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga imtiyozli ipoteka krediti asosida berildi.
Zamonaviy uy-joylar qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, odamlarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasiga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
2017-yilda viloyatda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 908 uy qurilmoqda. Hozirgacha ularning 42 tasi foydalanishga topshirildi. 866 uyda qurilish ishlari davom etmoqda. Ushbu uylarning 430 tasi avgust oyida, 436 tasi sentabr oyida o‘z egalariga topshiriladi.
Viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-2018-yillarda yengil sanoatni rivojlantirish dasturi doirasida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan “Elegant teks”, “Paxtakor gold teks”, “Forish gold teks”, “Zomin tekstil”, “Zarbdor tekstil” kabi korxonalarda umumiy qiymati 111 million dollarlik istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir.
“Asakabank”, “Ipotekabank” va “Aloqabank” tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini rivojlantirish, yetishtirilayotgan paxta tolasini hududning o‘zida qayta ishlash hajmini kengaytirish imkonini berish barobarida, aholini sifatli kiyim-kechak bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz viloyatga tashrifi chog‘ida Jizzax shahridagi "Bonu shirinliklari" korxonasining qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishgan edi. Umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyihaning amalga oshirilishi 150 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
– Xorijdan 2 million yevrodan ortiq mablag‘ evaziga shokolad va vafli tayyorlash texnologiyalari keltirib, ishlab chiqarishni yana kengaytirdik, – deydi korxona bosh hisobchisi Bobur Isroilov. – Ayni paytda korxonamizda “Deya” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan 50 dan ortiq turdagi qandolat mahsulotlarini Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlariga eksport ham qilmoqdamiz.
Viloyatning Zomin tumanida tokzorlar, issiqxona qurish, asal yetishtirish, Baxmal tumanida 2 ming bosh qoramol boqiladigan va sutni qayta ishlaydigan zavod, Forish tumanida naslli echkilarni ko‘paytirish va echki sutini qayta ishlash agrofirmasi tashkil qilish, G‘allaorol tumanida yong‘oqzorlar barpo etish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish loyihalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimiz iqtisodiy qudratining yuksalishi, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.