2017-yil 18-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisini shu yil 24-avgust kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilmoqda.
“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunlarni ham ko‘rib chiqadilar.
Shuningdek, yalpi majlisning kun tartibiga Toshkent viloyatining To‘ytepa, Yangiyo‘l va Ohangaron shaharlarini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi masalalar ham kiritildi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini saylash haqidagi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ayrim rahbarlariga parlament so‘rovi yuborish, shuningdek, parlament so‘rovi natijalari haqidagi masalalarni ham ko‘rib chiqadilar.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.
O‘n birinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devoni faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.