Mamlakatimizda yosh avlod jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i hududida tashkil etilgan markazda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Yosh chevarlar”, “Yosh rassomlar”, “Yosh shaxmatchilar”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi o‘ndan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Turli tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan anjumanlar zali zamonaviy jihozlangan.
– Markaz yoshlarning vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi bilan birga, ularni qiziqishiga qarab muayyan kasbga o‘rgatish, sport bilan shug‘ullanishiga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati kengashi raisi M.Masharipov. – Ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi. Viloyatimizda navqiron avlod vakillari ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli yo‘nalishlari – ishlab chiqarish, tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalarda faol ishtirok etib, zamonaviy maskanlarda ta’lim-tarbiya olmoqda, sport bilan shug‘ullanmoqda.