«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi Xitoyning “Shandong Guang Tong Silkworm eggs” kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu kelgusi besh yilda O‘zbekistonning dunyo mamlakatlariga ipak qurti urug‘i eksport qilishini ta’minlaydi.
– Bizga pillachilik yo‘nalishida berilgan qator imtiyozlar juda ma’qul bo‘ldi, – deydi “Shandong Guang Tong Silkworm eggs” kompaniyasi rahbari Feng Dong. – Shu bois kelgusida Navoiy va Kashqadaryo viloyatlarida elita ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish zavodi barpo etishga kelishib oldik. 2018-yilgi mavsumda pillakorlarga 40 ming quti ipak qurti urug‘i yetkazib berish mas’uliyatini zimmamizga oldik. 2020-yilga borib bu ko‘rsatkich 200 ming qutiga yetkaziladi.
«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi Bahrom Sharipov tizimdagi korxona va tashkilotlarga 2023-yilgacha qator imtiyozlar berilgani, xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar tufayli qulay ishbilarmonlik muhiti ta’minlanayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 29-martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori tizimdagi bu imkoniyatlarning joriy etilishida dasturilamal bo‘layotir.
Uchrashuvda ipak qurti urug‘i yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatini kengaytirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Manba: O'zA