Fransiyaning EDF kompaniyasi Sirdaryo viloyatida quvvati 900 MVt bo‘lgan issiqlik elektrostansiyasini qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos loyihasini ishlab chiqish uchun tenderda g‘olib bo‘ldi. Bu haqda «O‘zbekenergo» AJ xabar qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, EDF loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun maslahatchi tanlovi va bazaviy loyihalashtirish, shuningdek, “Sirdaryo viloyatida quvvati 450 MVt.dan bo‘lgan ikkita bug‘-gazli qurilma bloki tarkibida yangi issiqlik elektrostansiyasini qurish” doirasida IESni barpo etish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan.

Avvalroq “O‘zbekenergo” AJ 2016-2018 yillarda Sirdaryo viloyatida quvvati 900 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektrostansiyasini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar qilingandi.

Stansiya loyihasi o‘z ichiga har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gazli qurilma blokini qurishni oladi.

Loyihaning dastlabki qiymati 910 mln dollarni tashkil etadi, bunda 500 mln dollarlik xorijiy kreditlar ham hisobga olingan.

Yangi IESning qurilishi “O‘zbekenergo”ning mamlakat elektroenergetika sohasini 2015-2019 yillarda rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshiriladi.

 

Manba: gov.uz