Navoiyda Prezidentimizning joriy yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Viloyat hokimligi va viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Navoiy viloyati iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalarining ayni yo‘nalishdagi ishlari bo‘yicha axborotlari tinglandi. 

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan muhim hujjatdir. Strategiya davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohani yanada rivojlantirish va liberallashtirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritishda muhim mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda. 

– Inson manfaatlari va davlat taraqqiyotiga xizmat qiladigan qonunlar mukammalligini ta’minlash va unga itoat etish borasida hayotiy takliflar ishlab chiqilib, huquqiy targ‘ibot tadbirlari kuchaytirilmoqda, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Sh.Bahronov. – Masalan, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlari loyihasiga takliflar berildi. Boshqarmamiz tomonidan xorijiy davlatlarning tajribasi chuqur o‘rganilgan holda, milliy qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunining yaxlit loyihasi ishlab chiqildi. Bu sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar va islohotlar samarasidir. 

Tadbirda viloyatda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, 2016-2017 o‘quv yilida kasb-hunar kollejini bitirgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarga 6 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Joylarda ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talab o‘rganilib, muayyan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilgan. 

Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar ham chuqur tahlil etildi. Xususan, aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati, patronaj ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani tufayli bemorlarga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilib, surunkali kasalliklar bartaraf etilmoqda. 

Ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, ularni turli yot g‘oyalardan asrash maqsadida “Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid”, “Yoshlar diniy ekstremizmga qarshi”, “Islom dini terrorizmga qarshi” mavzularida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. 

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi. 

 

 

 O‘zA