Ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishda ko‘maklashish, mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish, aholining bandligi va sanoat mahsulotlari hajmining o‘sishini ta’minlash mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi.
Ushbu maqsadda tuzilgan “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasi (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb yuritiladi) tomonidan ko‘rgazma-yarmarka savdolarini tashkil etish, ularda ishtirok etishga tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni jalb etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar Direksiya faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini lozim darajada ta’minlamayotganligini ko‘rsatdi.
Xususan, tenderlar o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida Kooperatsiya birjasi doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarning xaridini amalga oshirishga imkon beruvchi amaldagi tartib turli xil korrupsiya ko‘rinishlari, shu jumladan, oldindan belgilangan yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish maqsadida birjalardan foydalanish uchun sharoit yaratmoqda.
Ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarini o‘tkazishning tartib-taomillari, eng avvalo, kichik biznes subyektlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish uchun davlat va korporativ buyurtmalarni olishga bo‘lgan imkoniyatlarini, oqibatda sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirishni lozim darajada ta’minlamayapti.
Direksiya tomonidan tuzilgan shartnomalarni tahlil qilish va ular asosida tegishli loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish, mahalliy xom ashyo bazasida tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish uchun sanoat kooperatsiyasining roli va ahamiyatini oshirish bo‘yicha asosiy vazifalar amalda bajarilmagan.
Bundan tashqari, Direksiya faoliyatiga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining past darajada joriy etilganligi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shartnomalarni ro‘yxatga olishning samarasiz tizimi, tuzilgan shartnomalar ijrosini nazorat qilishning ta’sirchan mexanizmlari mavjud emasligi aksariyat hollarda qabul qilingan shartnoma majburiyatlari va tasdiqlangan tarmoq jadvallarining bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan samarali foydalanilishini, raqobatning yanada rivojlanishini hamda tadbirkorlik subyektlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berishga davlat va korporativ buyurtmalardan teng foydalanish imkoniyatini, shuningdek, mazkur jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasini tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Direksiyani tugatish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur choralarni ko‘rsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida davlat xaridlari yagona axborot portalini hamda resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini yaratish orqali ularning ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan takliflar kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
“O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma majmuasining ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 31-iyul
Ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishda ko‘maklashish, mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish, aholining bandligi va sanoat mahsulotlari hajmining o‘sishini ta’minlash mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarda ko‘rgazma-yarmarka savdolari, shu jumladan, har yili tashkil etilayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar ko‘rgazma-yarmarka savdolarini tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasi (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb yuritiladi) faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini, bu esa davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga salbiy ta’sir etayotganligini ko‘rsatdi.
Xususan, tenderlar o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida ko‘rgazma-yarmarka savdolari doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarni xarid qilishning amaldagi tartibi turli xil korrupsiya ko‘rinishlari, shu jumladan, real bozor kon’yunkturasini inobatga olmasdan shartnomalar tuzish, narxlarni oshirish va sifatsiz mahsulotlarni yetkazib berish uchun sharoit yaratmoqda.
Ko‘rgazma-yarmarka savdolarini o‘tkazishning tartib-taomillari, eng avvalo, kichik biznes subyektlarining davlat va korporativ buyurtmalarni olishga bo‘lgan imkoniyatlarini lozim darajada ta’minlamayapti, bu esa bozorda sog‘lom raqobatni rivojlantirishni cheklab qo‘ymoqda.
Ko‘rsatilgan muammolar bitimlarni tuzishning shaffof mexanizmi yo‘qligi, ushbu sohaga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlarning yetarli emasligi sababli kuchaymoqda.
Bundan tashqari, ilgari o‘tkazilgan xalqaro sanoat yarmarkalari va kooperatsiya birjalari doirasida tuzilgan shartnomalar ijro etilishi yakunlarining tahlili shartnoma majburiyatlari va tasdiqlangan tarmoq jadvallarining bajarilishi to‘liq ta’minlanmayotganligini ko‘rsatdi.
Mazkur holat ko‘rgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan shartnomalarni ijro etish jarayoni ustidan lozim darajada nazorat o‘rnatilmaganligidan, ularni tuzishda, shu jumladan, Direksiya ishini tashkil etishdagi xatolar oqibatida sodir etilgan suiiste’molchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Shu bilan bir qatorda, Direksiya tomonidan tuzilgan shartnomalarni tahlil qilish va ular asosida tegishli loyihalarni mahalliylashtirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish, mahalliy xom ashyo bazasida tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish uchun sanoat kooperatsiyasi roli va ahamiyatini oshirish bo‘yicha asosiy vazifalarning bajarilishi amalda ta’minlanmagan.
Ko‘rgazma-yarmarka savdolarini samarali o‘tkazish uchun pavilyon maydonlari va boshqa infratuzilmalarning yetarli emasligi yetkazib beruvchilarning talablarini to‘liq darajada qanoatlantirmagan, shuningdek, ularning ishtirokchilari doirasini, ayniqsa, kichik biznes subyektlari hisobidan kengaytirish imkonini bermagan.
Bayon etilganlar inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori bilan Direksiya tugatildi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi. Takliflar O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida davlat xaridlari yagona axborot portali hamda yagona milliy resurslar ma’lumotnomasini tashkil qilish orqali mazkur tizimning ochiqligi va shaffofligini oshirishni nazarda tutishi lozim.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan tashkil qilinmoqda hamda har bir resursning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish imkonini beradigan Resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini joriy etishni, shuningdek, davlat xaridlarining shaffofligi va suiiste’molchiliklarning oldini olishni ta’minlaydigan yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratishni nazarda tutadi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan qaror davlat va korporativ xaridlar jarayonining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, ko‘rgazma-yarmarka savdolaridan qonunga xilof maqsadlarda foydalanish imkoniyatlariga chek qo‘yish, tuziladigan shartnomalarning ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashga, pirovard natijada byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, raqobatni yanada rivojlantirish hamda tadbirkorlik subyektlarining davlat va korporativ xaridlarda ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratishga ko‘maklashadi.