O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi qaroridan kelib chiqadigan partiya faollari va uning fraksiyasi a’zolari oldida turgan muhim vazifalar muhokama etildi. 

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi S.Otamurodov davlatimiz rahbarining mazkur qarorida oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli, g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish lozimligi qayd etilganini ta’kidladi. 

Yig‘ilishda partiya fraksiyasi, barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi. 

Fraksiya yig‘ilishida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Hozirgi kunda yuridik va jismoniy shaxslarning davlat organlariga murojaatlari 2014-yilda qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. Biroq ushbu qonun sohadagi umumiy masalalarni tartibga solsa-da, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashdagi huquqiy mexanizmlarni to‘liq ochib bermagan. Yangi tahrirdagi qonun amaliyotdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish sohasidagi munosabatlarning to‘liq tartibga solinishini nazarda tutadi. 

Fraksiya yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar loyihasi ham deputatlar tomonidan muhokama qilindi. 

 

* * * 


Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Fraksiya yig‘ilishida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi. 

Mazkur qonun loyihasining maqsadi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar asossiz aralashuvining oldini olish, vakil faoliyatining huquqiy mexanizmlarini belgilashdan iboratdir. Ushbu hujjat bilan vakilning davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligining huquqiy mexanizmlari belgilanmoqda. 

Qonun loyihasini tayyorlashda AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Janubiy Koreya singari o‘ttizdan ortiq davlatning tajribasi o‘rganildi. 

– Ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda qulay biznes muhitini yanada yaxshilash orqali tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xususiy sektorda aholi bandligini ko‘paytirish imkonini beradi, – deydi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Sh.Bafoyev. – Bozor instrumentlari va mexanizmlarini joriy etish, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, kichik biznes subyektlarining kredit-moliya va xomashyo resurslaridan, o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga davlat buyurtmalaridan keng foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish davr talabidir. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ham muhokama qilindi. 

Ushbu qonun loyihasida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish va axborot olish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Bu hujjat bolalarni buzg‘unchi, ularning ruhiyatiga zarar yetkazuvchi ta’sirlardan himoya qilish, ularning salomatligiga ziyon yetkazuvchi axborot tarqatilishining oldini olish, cheklash va taqiqlash, bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. 

Yig‘ilishda “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. 

 

 

 O‘zA