Dilbar Mamajonova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi:
– Partiya tashkilotimiz faoliyatidagi kamchiliklar ushbu videomuloqotda yaqqol ko‘rinib qoldi. Garchi shu paytgacha ham faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsak-da, muloqotdan keyin anglab yetdikki, samarasiz yig‘ilish uchrashuvlar, rejaga kiritilgani uchungina o‘tkazilgan tadbirlar bilan ovunib yurgan ekanmiz. Aslida, partiya g‘oyalarini amalga oshirish uchun elektoratning hayotiy muammolari mohiyatiga chuqurroq kirib borish zarur edi. Biz, eng ko‘p sonli siyosiy partiya vakillarimiz, deb maqtansak-da, mamlakat ijtimoiy-siyosiy xayotida, fuqarolar ongida mustahkam o‘rin egallay olmabmiz.
O‘zXDP Farg‘ona viloyati partiya tashkiloti deputatlik guruhlari 2017 yilda 48 masalani deputatlik guruhida, 5 masalani doimiy komissiyalarda muhokama etdi. 6 masala o‘rganilib xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlari sessiyalari muhokamasiga kiritildi. Joylarga 447 deputatlik so‘rovi yuborildi. Biz shu kabi quruq raqamlardangina taskin topib yuraveribmiz. Xo‘sh, partiya faollari, deputatlik guruhi a’zolari o‘rgangan masala yuzasidan qabul qilingan qarorlar ijrosiga yana bir bor qaytdikmi? Umuman, qaror ijro etildimi? Jamoatchilik nazorati o‘tkazdikmi? Mana, qayerda bizning “nozik” joyimiz. Qancha achchiq bo‘lmasin, tan olish lozim, biz, aksariyat hollarda turli balandparvoz qarorlar qabul qilish bilan cheklanib qoldik. Natijada ahvol o‘zgarmadi, partiya tashkiloti, uning deputatlik guruhi aholi, avvalambor elektoratning e’tibori, ishonchiga to‘liq muyassar bo‘la olmadi.
Prezidentimiz deputatlar, partiya faollari oldida turgan ko‘plab birlamchi vazifalarni aniq-ravshan belgilab berdi. Endi zamon bilan hamnafas bo‘lib ishlash yoki o‘rnimizni ishlaydigan yoshlarga bo‘shatib berish talab etiladi. Vaholanki, bizda partiya faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va chin ma’noda xalq qo‘llab-quvvatlaydigan siyosiy kuchga aylanish uchun imkoniyat ham, tajriba ham bor.
Manba: uza.uz