Davlatimiz rahbariga Parkentsoy suvidan unumli foydalanish loyihasi taqdim qilindi.
Prezidentimiz bir qarich yerdan ham unumli foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi. Suv yetib bormagan joylarga tomchilatib sug‘orish usulini keng joriy qilish, uzumzorlar orasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish kerakligi qayd etildi. Hududlar sharoitidan kelib chiqib, ekin turlarini ekish kerak.
Parkent shahrining bosh rejasi haqida so‘zlab berildi. Bundan tashqari, Parkentning ekologik toza hududlarida dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarini joylashtirish bo‘yicha takliflar berildi. Qurilayotgan dam olish zonalari energiyatejamkor binolardan iborat bo‘ladi.
Prezidentimiz Parkentning eng so‘lim joyida yozuvchi va shoirlar uchun 50 ta uy qurib berish kerak, dedi. Ular ijod qilishi uchun sharoit yaratish zarur. Yozuvchilarning oldiga esa yangi asarlar yozish, yetuk shogirdlar yetishtirish kabi vazifalar qo‘yildi.
Davlatimiz rahbariga Toshkent viloyatining asosiy turistik yo‘nalishlari namoyish etildi. Viloyatda Chimyon oromgohi, Chorvoq suv ombori, Ixnoj, Urungach, Shovur, Bodak ko‘llari bor. Viloyatda 45 ta mehmonxona bo‘lib, o‘tgan yili 100 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurgan. 4 turoperator, 4 tabiiy ko‘l, 71 sanatoriy, 1 qo‘riqxona, 5 o‘rmon xo‘jaligi mavjud. Prezidentimizga mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha rejalar, 2017-2018 yillarda viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkich prognoz parametrlari taqdim qilindi. Chimyon oromgohida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun 500 o‘rinli zamonaviy mehmonxona majmuasi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur hududda zamonaviy osma yo‘l qurish loyihasiga ham e’tibor qaratildi. Uzunligi 2 kilometr bo‘lgan, 26 kabinadan iborat osma yo‘lni 10 oyda qurish mo‘ljallanmoqda.
Prezidentimiz Bo‘stonliq tumani, "Xo‘jakent" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida quriladigan «Qo‘sh-Chinor» mehmonxona majmuasi loyihasini ko‘zdan kechirdi. Majmuadan 130 o‘rinli mehmonxona, 60 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari o‘rin olgan.
«Amirsoy» tog‘ chang‘i dam olish maskani bosh rejasi loyihasi zamonaviy yechimlari va ko‘lami bilan ajralib turibdi. Bunda yilning turli fasllarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan tizim yaratiladi.
Prezidentimiz Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. Shunday sharoit bo‘la turib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayapmiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbariga Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalarida tajriba sifatida mehmon uylarini tashkil etish bo‘yicha takliflar taqdim qilindi. Bunda azaliy urf-odatlarimiz asosidagi tadbirlarga sayyohlarni jalb etish, ularga milliy taomlar tayyorlashni namoyish etish va boshqa qiziqarli tadbirlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Manba: uza.uz