Joriy yilning 18-20 iyul kunlari Respublikamizning Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yangi qabul qilinayotgan va kuchga kirgan qonun va qarorlarni amaliyotga tatbiq etish, ularning mazmun mohiyatini aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida keng tushuntirishga bag‘ishlangan seminarlar ketma-ketligi bo‘lib o‘tdi.
Tashkil etilgan seminarlarda “O‘zstandart” agentligining matbuot xizmati raxbari A.G‘.Rasulov, “Respublika SSM” DKning “Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi” rahbariN.X.Urazqulov, hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari rahbarlari, standartlashtirish va metrologiya boshqarma boshliqlari, shuningdek ushbu viloyatlarda faoliyat yurituvchi korxona va tashkilot rahbarlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda matbuot hodimlari ishtirok etishdi.
Seminarlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi PF-4947-sonli Farmoni, 2017 yil 21 iyundagi "Tashqi iqtisodiy aloqalarni takomillashtirish va mahalliy eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3077-sonli qarori, 2017 yil 28 apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-2935-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyuldagi "Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi xududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi 475-sonli qarorlarining mazmun moxiyati, afzalliklari va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan keng tushuntirishlar berildi.
Shuningdek «O‘zstandart» agentligining matbuot xizmati raxbari A.G‘.Rasulov tomonidan Yurtimizda tadbirkorlik sohasi jadal suratlar bilan rivojlanayotganligi, bu borada kichik biznes, xususiy tadbirkor, xususiy mulk egalariga Prezidentimiz va xukumatimiz tomonidan katta e’tibor berilayotganligi, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur xuquqiy bazalar yaratilganligini va tobora takomillashtirib borilayotgani, qulay ish bilarmonlik muxiti shakllanayotganligi, biznesni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar to‘g‘risida gapirib, “O‘zstandart” agentligida shu borada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha axborotlar berildi.
“Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasining “Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi” rahbari N.Urazqulov seminarlar mobaynida, viloyatlarda ishlab chiqarish korxonalari Respublikamizda yetakchilar qatorida ekanligi va tashabbuskor tadbirkorlarning o‘rni to‘g‘risida, shuningdek ishlab chiqariladigan maxsulotlar sifatiga e’tiborni kuchaytirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan har bir seminar qiziqarli suhbatlarga boy bo‘lib, barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim va kerakli bo‘lgan ma’lumot va yangiliklarga ega bo‘lishdi.