O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2017-yil 12-iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, hukumat a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar kengashlari a’zolari, mahalliy ijro organlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qildi.
Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada erkinlashtirish va isloh qilish jarayonlari izchil davom etmoqda. Qaysi soha yoki tarmoqda bo‘lmasin, dolzarb muammolar aholi bilan ochiq muhokama qilinib, ularning yechimi topilmoqda.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar qayd etilgan holda, hokimiyat vakillik organlari, siyosiy partiyalar va Ekologik harakatning o‘tgan davrdagi faoliyati tanqidiy ruhda tahlil qilindi, islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Parlament a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, yig‘ilishda har tomonlama chuqur asoslab berilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirish borasida o‘zaro hamjihatlikda samarali ish olib borish va belgilangan maqsadlarga erishish deputatlik korpusining g‘oyat mas’uliyatli va sharafli vazifasi ekanini ta’kidladi.
Manba: O'zA