Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi, xususan, bog‘dorchilik va uzumchilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bog‘ va tokzorlarni sug‘orishda yangi texnologiyalar keng joriy etilayotgani samaradorlikka erishishda muhim omil bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatida tokzorlarni kengaytirish, tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda joylashtirish, uzumchilikni rivojlantirish, yangi, istiqbolli navlarni yaratish va eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olimlarning ta’kidlashicha, uzumni muntazam iste’mol qilish arterial qon bosimi me’yorida bo‘lishi va yurak faoliyatining yaxshilanishiga yordam beradi. Uzum tarkibida flavonoid moddasi mavjud bo‘lib, u inson organizmidagi tuz miqdorini kamaytiradi.
Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod agrosanoat” agrofirmasida zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida 720 gektar yerda intensiv bog‘ barpo etilib, Fransiya, Italiya va Gruziyadan keltirilgan mashhur uzum navlari parvarishi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 10 ga yaqin noyob uzum navlari mahalliy iqlim sharoitiga moslashib, hosilga kirdi. O‘tgan yili agrofirma tokzoridan 2 ming 750 tonna uzum olingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3 ming 500 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz joriy yilning 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida “Mindonobod agrosanoat” agrofirmasida ham bo‘lib, viloyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Agrofirma tomonidan mavjud tokzorlarni ming gektarga yetkazish orqali yiliga 15 ming tonna uzum yetishtirish, 1 million dollarlik mahsulotni eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun 450 ming tup tok qalamchasi o‘tqazilib, quyosh energiyasida ishlaydigan zamonaviy sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi. Loyiha to‘la ishga tushgach, 250 kishi ish bilan ta’minlanadi.
– Prezidentimizning viloyatga tashrifi davomida agrofirmamiz faoliyati bilan yaqindan tanishishi bizga katta mas’uliyat yukladi, – deydi loyiha rahbari Ulug‘bek Payg‘omov. – Davlatimiz rahbari sifatli meva-sabzavot yetishtirish va aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, jumladan, uzum yetishtirishni ko‘paytirish, uni eksport qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qimmatli fikrlarini bildirib, zarur ko‘rsatmalar berdi. Biz toshloq hududda katta tokzor tashkil etganmiz. Belgilangan rejaga ko‘ra, yaqin kelajakda intensiv bog‘ hududi 1000 gektarga yetkaziladi. Bu sa’y-harakatlar uchun 8 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan. Hozir mahsulotlarimizni Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilish bo‘yicha shartnomamiz bor. Mutaxassislarimiz Germaniya va Xitoy bozorini o‘rganib, o‘sha yurtlarga ham mahsulot eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Ayni paytda uzumni qayta ishlash uchun Yevropadan so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Mahsulotlarga litsenziya olish jarayoni nihoyasiga yetkazilgach, o‘nlab turdagi tabiiy sharbatlar, spirt ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va u dunyoning turli qit’alariga eksport qilinadi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-iyundagi "Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Agrofirmada jahon tajribasida eng tejamkor va samarali usul hisoblanuvchi quyosh energiyasi, tomchilatib sug‘orish usullaridan unumli foydalanilmoqda. Dehqonchilik qilish birmuncha noqulay va suv muammosi bo‘lgan hududni hosildor maydonga aylantirish uchun qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan institutlar, ilmiy markazlar mutaxassislari, olimlar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ekoturizmni rivojlantirish orqali mahalliy va xorijlik sayyohlarni keng jalb etish maqsadida agrofirma qoshida muhtasham majmua barpo etilib, mijozning ko‘z o‘ngida mahsulot tayyorlovchi kichik sex, shinam xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari tashkil etildi. Hozirgi kunda mahsulotlarni qadoqlash, yorliq tayyorlash kabi jarayonlar bo‘yicha ishlar nihoyasiga yetkazilmoqda.
Manba: O‘zA