Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida raqobatbardosh va sifatli mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami kengaymoqda.
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Guliston bunyodkori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish maqsadida 300 tonna sig‘imga ega zamonaviy sovutgich barpo etildi.
Mamlakatimizda yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalangan korxona faoliyatini izchil kengaytirmoqda. Yaqinda non va non mahsulotlari, qandolat, makaron sexlarida mahsulot ishlab chiqarish boshlab yuborildi. Sifatli mahsulotlar korxonaga tegishli savdo do‘konlarida sotilmoqda.
Bugungi kunda korxonada mehnat qilayotgan 160 ishchining 130 tasi doimiy, 30 tasi mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.
– Ayni paytda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekayotgan 93 fermer xo‘jaligi bilan turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzdik, – deydi korxona rahbari Murodjon Dovurov. – Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 iyundagi "Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan mahsulot yetishtiruvchilarga oldindan 700 million so‘m bo‘nak pullari to‘lab berildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari korxona omborxonalariga daladan beshta “Isuzu” yuk tashish mashinasida keltirilmoqda. Joriy yil korxona mutasaddilari viloyatdagi 200 korxona, tashkilot va muassasa bilan 1 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shu kungacha 400 tonna dukkakli don mahsulotlari zaxirasi yaratildi. O‘tgan yili korxona 200 million so‘m sof daromad ko‘rdi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirish rejalashtirilgan.
Manba: O‘zA