O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 7 iyul kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Namangan mamlakatimizning har tomonlama rivojlangan, eng go‘zal viloyatlaridan biri. Keyingi yillarda uning iqtisodiy salohiyati yanada oshib, shahar va qishloqlar obod bo‘lib bormoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot 8,7 foiz o‘sgan. Bu ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda.
Mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida Qamchiq dovoni orqali 19 kilometrlik noyob tunnelni o‘z ichiga olgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ochilgani mamlakatimiz hayotidagi ulkan voqea bo‘ldi. Bu yo‘l ko‘plab iqtisodiy imkoniyatlar qatori Namangan viloyatining muhim tranzit hududiga aylanishini ham ta’minladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 24 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2016-2019 yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga muvofiq yuzlab investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning orasida umumiy qiymati 2 milliard 1 million dollarga teng bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu elektr stansiyasi nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Pop tumanida 100 megavatt quvvatga ega bo‘lgan, umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadigan quyosh elektr stansiyasini qurish, Mingbuloq tumanida 211 million dollarlik “Mingbuloq neft-gaz” konini o‘zlashtirish va boshqa investitsiya loyihalari viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘taradi.
Manba: O‘zA
Namanganda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi izchil rivojlanmoqda. Viloyat ishbilarmonlari xorijiy texnologiyalar asosida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarib, eksportdan katta daromad topmoqda. Joriy yilning birinchi choragida 79 korxona tomonidan 17,4 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Eksportchi korxonalar safiga 19 yangi sub’ekt qo‘shilgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning barcha hududlari qatori Namangan viloyatini ham izchil rivojlantirish bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi.
Prezidentimiz Namanganga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.