Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevralda qabul qilingan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini ijro etish maqsadida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi vakolatlarining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama etishdan boshladilar. Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Muvofiqlashtiruvchi kengashning fuqarolar yig‘inlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi rolini oshirishga, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va davlat organlarining fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgandir.
Deputatlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlandiki, qonun loyihasi tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, xususan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlarni yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, yer osti boyliklaridan foydalanish va ayniqsa foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgandir. Qonunning qabul qilinishi yer osti boyliklariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish sohasida yuzaga keladigan huquqbuzarliklarning oldini olish imkonini beradi.
“Er qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga asosan mavjud huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish, shu jumladan, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oldini olish choralarini ko‘rmaslik, o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish, yer berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
“Formali kiyim-boshlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasiga muvofiq, maxsus formali kiyim-bosh kiyib yurishi belgilangan vazirlik, idora va tashkilotlarning harbiylari va xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy hamda maxsus kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar kiyib yurganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Majlisda ta’kidlandiki, bunday qilmish uchun ma’muriy javobgarlik belgilab qo‘yilishi mazkur sohadagi huquqiy munosabatlarning yanada tartibga solinishini ta’minlaydi, shuningdek, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish hollariga chek qo‘yish imkonini beradi.
So‘ngra deputatlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib chiqdilar. Keyingi paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalarga muvofiq sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Deputatlar shoshilinch tibbiy yordam Davlatimiz rahbarining alohida nazoratida turganligini qayd etib o‘tdilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Deputatlar ta’kidlab o‘tganlaridek, qarorda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, tez tibbiy yordamning tezkorligini, sifati va undan foydalanish darajasini oshirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash imkonini beradi.
– O‘zbekiston Respublikasida shoshilinch tibbiy yordam tizimi shakllantirildi, tegishli xizmatlarning ishi yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan bemorlarga malakali xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Sherzod Qulmatov. – Ma’lumki, shoshilinch tibbiy yordam o‘ziga xos xususiyatlarga ega, chunki bemorlar og‘ir holatlarda yordamning ana shu turiga murojaat etadilar. Buni inobatga olgan holda, deputatlar joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish paytida shoshilinch tibbiy yordam sohasiga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Shuni ta’kidlash kerakki, respublikamizning barcha tuman va shaharlarida tez tibbiy yordam xizmatlari ishlab turibdi, ularning brigadalari zarur asbob-uskunalar, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlangan. Shu bilan birga mamlakatimiz Prezidentining qarorini bajarish doirasida hali ko‘p ishlar qilish kerak bo‘ladi.
– Bugungi majlisda deputatlarga respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etildi, – deya qayd etdi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining shifokori Umidullo Risqiyev. – Parlament bilan ishlash bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayni vaqtda oldimizda turgan vazifalarni hal etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Tibbiy jihozlarning eskirganligi, kadrlar yetishmovchiligi kabi dolzarb muammolar Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda hal etilmoqda. Zarur dori vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Markazimizda ushbu masala alohida ahamiyatga ega, chunki amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika xodimlari fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishlari shart.
Majlis davomida deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati